Abstract
Mazkur maqolada deksametazon preparatini uzoq muddat qo‘llash natijasida tuxumdon to‘qimasida yuzaga keladigan morfologik va funksional o‘zgarishlar ilmiy jihatdan tahlil qilindi. Tuxumdon ayol reproduktiv tizimining markaziy organlaridan biri bo‘lib, unda ovogenez, follikulogenez va steroidogenez jarayonlari uzviy ravishda kechadi. Glyukokortikoidlar, xususan deksametazon, organizmda yallig‘lanishga qarshi va immunosupressiv ta’sir ko‘rsatishi bilan birga, uzoq muddatli qo‘llanilganda endokrin tizim, jumladan tuxumdonning morfofunksional holatiga sezilarli ta’sir o‘tkazishi mumkin. Tadqiqot eksperimental oq sichqonlarda olib borilib, preparatning odatiy va yuqori dozalarida 3, 7, 14, 21 va 28 kun davomida ta’siri o‘rganildi. Olingan natijalar tuxumdon po‘stloq va mag‘iz qismida distrofik, atrofik va degenerativ o‘zgarishlar, follikulyar apparat regressiyasi, atretik follikulalar sonining ortishi, granulyoza hujayralarining disorganizatsiyasi hamda stromal komponentlarda sklerotik o‘zgarishlar rivojlanishini ko‘rsatdi. Ushbu o‘zgarishlar doza va ekspozitsiya davomiyligiga bog‘liq ravishda kuchayib borgan. Tadqiqot natijalari deksametazonning tuxumdon to‘qimasiga salbiy morfologik ta’sirini ko‘rsatib, uning uzoq muddatli qo‘llanilishida reproduktiv salomatlikka nisbatan ehtiyotkor yondashuv zarurligini asoslaydi.