Publication Details
Issue: Vol 22, No (2026)
Visit Journal Website

Abstract

Ventilyator-assotsiatsiyalangan pnevmoniya (VAP) reanimatsiya va intensiv terapiya bo‘limlarida davolanayotgan bemorlar orasida eng og‘ir va yuqori letallik bilan kechuvchi nozokomial infeksiyalardan biri hisoblanadi. Ayniqsa, aspiratsiya bilan asoratlangan bosh miya jarohati (BMJ) fonida VAP rivojlanishi kasallik kechishini yanada murakkablashtiradi va klinik natijalarni yomonlashtiradi. Birlamchi aspiratsiya nafas yo‘llari epiteliysining kimyoviy shikastlanishi, mukotsiliar klirensning buzilishi hamda infeksion jarayonning boshlanishida muhim patogenetik omil sifatida namoyon bo‘ladi.
Mazkur tadqiqotning maqsadi – jarohatlanish paytidagi aspiratsiya bilan kechgan BMJ fonida rivojlangan VAPda optimallashtirilgan intensiv terapiya majmuasining klinik samaradorligini baholashdan iborat. Prospektiv qiyosiy tadqiqotga 120 nafar bemor jalb qilinib, ular nazorat (n=60) va asosiy (n=60) guruhlarga ajratildi. Nazorat guruhida standart davolash qo‘llanilgan bo‘lsa, asosiy guruhda patogenetik asoslangan optimallashtirilgan intensiv terapiya algoritmi tatbiq etildi.
Natijalar shuni ko‘rsatdiki, asosiy guruhda klinik simptomlarning regressiyasi tezroq kechdi, yallig‘lanish ko‘rsatkichlari ishonchli darajada tezroq me’yorlashdi, gaz almashinuvi parametrlari (PaO₂/FiO₂) yaxshilandi hamda sun’iy o‘pka ventilyatsiyasi davomiyligi va reanimatsiya bo‘limida yotish muddati qisqardi. Xulosa qilib aytganda, aspiratsiya bilan asoratlangan BMJ fonida rivojlangan VAPni davolashda optimallashtirilgan intensiv terapiya yondashuvi standart davolashga nisbatan yuqori klinik samaradorlikka ega bo‘lib, uni keng klinik amaliyotga joriy etish maqsadga muvofiqdir.

Keywords
Ventilyator-assotsiatsiyalangan pnevmoniya bosh miya jarohati aspiratsiya sindromi intensiv terapiya sun’iy o‘pka ventilyatsiyasi gaz almashinuvi nozokomial infeksiya PaO₂/FiO₂ nisbati