Abstract
Ushbu maqola 1756-1920 yillar oraligʻida Buxoro xonligi va amirligi davrida olib borilgan tarixiy-geografik hamda kartografik tadqiqotlarni yoritishga qaratilgan boʻlib, tadqiqotda Buxoro nafaqat diniy va madaniy markaz, balki Markaziy Osiyoning muhim siyosiy va iqtisodiy oʻchogʻi sifatida koʻrib chiqiladi. Mazkur davrda yaratilgan xaritalar, sayohat kundaliklari va ekspeditsiya yozuvlari oddiy geografik hujjatlar emas, balki oʻsha davr ilmiy qarashlari, siyosiy manfaatlari va madaniy tasavvurlarining yorqin aksi hisoblanadi. Maqola XVIII-XIX asrlarda tuzilgan kartografik manbalar Buxoro hududi, shaharsozlik tizimi, savdo yoʻllari va xalqaro aloqalardagi oʻzgarishlarni yoritib beradi va shu bilan birga Rossiya imperiyasi geograflari hamda ingliz tadqiqotchilari turli maqsadlarni koʻzlagan boʻlsalar-da, ular yaratgan xaritalar va qaydlar umumiy ilmiy merosning boy qatlami sifatida qadrlanadi. Ayniqsa, “Buyuk oʻyin” davrida yozilgan manbalar Buxoroning strategik oʻrnini, iqtisodiy salohiyatini va madaniy aloqalarini chuqurroq tushunishga imkon berib, ushbu tadqiqot xaritalarni faqat hududiy chegaralarni aks ettiruvchi hujjatlar sifatida emas, balki koʻp qirrali tarixiy guvohliklar sifatida koʻrib chiqish lozimligini koʻrsatadi. Bunday yondashuv orqali Buxoroning oʻtmishi nafaqat mahalliy tarix doirasida, balki jahon tarixiy-geografik merosining ajralmas qismi sifatida talqin qilinadi. Shunday qilib, maqola Buxoro merosini nafaqat Markaziy Osiyo, balki global miqyosda ham ilmiy va madaniy ahamiyatga ega hodisa sifatida baholaydi.