Publication Details
Issue: Vol 19, No (2025)
Pages: 1-3

Abstract

So‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar doirasida investitsiyaviy muhitni takomillashtirish muhim ustuvorliklardan biriga aylangan. Global raqobat va iqtisodiy integratsiya sharoitida har bir davlat o‘zining investitsiya jozibadorligini oshirish orqali iqtisodiy o‘sishni jadallashtirishga harakat qilmoqda. Investitsiya muhiti deganda mamlakatda investitsiyalarni jalb qilishga va amalga oshirishga oid barcha siyosiy, huquqiy, iqtisodiy va institutsional omillar yig‘indisi tushuniladi. Bu omillar orasida siyosiy barqarorlik, xususiy mulk daxlsizligi, huquqiy kafolatlar, moliyaviy tizimning rivojlanganligi, soliq va bojxona tizimlarining soddaligi, shuningdek, davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan institutsional qo‘llab-quvvatlash muhim o‘rin tutadi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlar aynan shu omillarni mustahkamlashga qaratilgan bo‘lib, so‘nggi yillarda mamlakatning xalqaro investitsion reytinglaridagi o‘rnini sezilarli darajada yaxshilab, xorijiy investorlar uchun ishonchli va barqaror hamkor sifatidagi imijini mustahkamladi. Ayniqsa, “Yagona darcha” tamoyili asosida investorlarga xizmat ko‘rsatish tizimining joriy etilishi, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarining kengaytirilishi, soliq imtiyozlari, erkin iqtisodiy zonalarning faoliyati va infratuzilmaviy loyihalarga yo‘naltirilgan yirik kapital kiritmalar bu boradagi amaliy yondashuvlarning namunasidir. Shu bilan birga, investitsiyalarni milliy iqtisodiy o‘sishning bevosita harakatlantiruvchi omili sifatida qaralishi ularning sifat va samaradorligiga e’tibor qaratishni talab qiladi. Ya’ni, faqat sarmoya hajmini oshirish emas, balki uni to‘g‘ri yo‘naltirish, innovatsion loyihalarga kiritish, tarmoqlararo muvozanatni ta’minlash, ijtimoiy infratuzilma, raqamli iqtisodiyot va ekologik barqarorlikni ko‘zlagan strategik yondashuvlar muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu tezis aynan shunday sharoitda shakllanayotgan zamonaviy investitsiyaviy muhitning holatini tahlil qilish, uning iqtisodiy o‘sishga ta’sirini baholash hamda istiqbolli yo‘nalishlarni aniqlashga qaratilgan bo‘lib, O‘zbekistonning iqtisodiy rivojlanish modeli doirasidagi strategik islohotlarining amaliy samaralarini ochib beradi.